Lazer texnalogiyasi

Lazerlar juda ko’p sohalarda keng qo’llaniladi, xususan sanoatda materiallar: metall, beton, shisha, gazlama, teri va h.k. ga turli ishlov berishda foydalaniladi.

Lazer texnologiyasi protsesslarini shartli ravishda ikki turga bo’lish mumkin. Ularning birinchisida lazer nurini o’ta aniq fokuslash va impulsli rejimda ham, uzluksiz rejimda ham energiyani aniq dozalash imkoniyatidan foydalaniladi. Bunday texnologik protsesslarda o’rtacha quvvati uncha yuqori bo’lmagan lazerlar: impuls-davriy ishlaydigan gaz lazerlari, neodim kirishmali ittriy-alyuminiy granat kristallaridagi lazerlar qo’llanilgan. Keyingi lazerlar yordamida soatsozlik sanoati uchun yoqut va olmos toshlarda mayda (diametri 1-10 mkm va chuqurligi 10-100 mkm) gacha teshiklar parmalash texnologiyasi va ingichka sim tortish uchun filtrlar tayyorlash texnologiyasi ishlab chiqilgan. Kichik quvvatli impuls lazerlar qo’llanadigan asosiy soha mikroelektronika va elektrovakuum sanoatida mitti detallarni kesish va payvandlash, mitti detallarga markalar tushirish bilan bog’liq. Popigrafiya sanoati ehtiyojlari uchun raqamlar, harflar, tasvirlar avtomatik tarzda kuydirib tayyorlanadi.

Keyingi yillarda mikroelektronikaning eng muhim sohalaridan biri - fotolitografiyada oddiy yorug’lik manbai o’rniga lazerlardan foydalanilmoqda. Ma’lumki, fotolitografiya usulini qo’llamay turib, o’ta mitti bosma platalar, integral sxemalar va mikro­elektron texnikaning boshqa elementlarini tayyorlab bo’lmaydi. Lazer yordamida XeCl (λ=308nm) fotolitografiya texnikasida 0,15-0,2 mkm gacha ajratishga erishish mumkin bo’ldi.

Submikron litografiyadagi keyingi taraqqiyot ekspozitsiyalovchi yorug’lik manbai sifatida lazer nuri vujudga keltiradigan plazmadan tarqaladigan yumshoq rentgen nurlanishidan foydalanish bilan bog’liq. Bu holda rentgen nurlanishining to’lqin uzunligi (λ≈0,01-0,001mkm) bilan belgilanadigan ajratish chegarasi juda ulkan bo’ladi.

Lazer texnologiyasining ikkinchi turi o’rtacha quvvati katta 1 kVt gacha va undan yuqori bo’lgan lazerlardan foydalanishga asoslangan. Yuqori quvvatli lazerlardan kuchli texnologik protsesslar: qalin po’lat listlarni qirqish va payvandlash, sirtqi toblash, yirik gabaritli detallarga metallni eritib yopishtirish va legirlash (metallarni maxsus material, xrom, nikel va boshqalar bilan qoplash), binolar sirtini tozalash, marmar, granitni kesish, gazlama, teri va boshqa materiallarni bichishda foydalaniladi. Metallarni lazer bilan payvandlashda chok juda sifatli chiqadi, elektron-nurli payvandda ishlatiladigan vakuum kameralarga ehtiyoj qolmaydi, bu esa konveyerli ishlab chiqarishda juda muhimdir.

Qudratli lazer texnologiyasi mashinasozlikda, avtomobil sanoatida, qurilish materiallari sanoatida qo’llaniladi. U materiallarga ishlov berish sifatini oshiribgina qolmay, ishlab chiqarish protsesslarining texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlarini ham yaxshilaydi. Masalan, 14 mkm qalinlikdagi po’lat listlarni lazer bilan payvandlash tezligi100m/soat ga yetadi; bunda 10kVt•soat elektr energiya sarflanadi.

Bundan ham quvvatliroq lazer texnikasi rivojlanishi bilan lazer nurlanish energiyasi an’anaviy energiya turlari (elektr tok energiyasi, mexanik energiya, ximiyaviy protsesslar energiyasi) bilan bir qatorda xalq xo’jaligida borgan sari keng qo’llanilmoqda.

Ma'lumotlardan nusxa ko'chirish uchun telegram botimizga o'ting!
Telegramda bizga qo'shiling!

yosh-fizik. uz